"Teach for Uzbekistan" – ta'lim sohasidagi yangi ijtimoiy loyiha yoʻlga qoʻyilmoqda

E’lon qilingan sana· 89
"Teach for Uzbekistan" – ta'lim sohasidagi yangi ijtimoiy loyiha yoʻlga qoʻyilmoqda

Teach for Uzbekistan — yangi avlod uchun yangi formatdagi notijorat ta’lim loyihasidir. U sifatli ta’lim kuchiga ishonadigan xalqaro professionallar jamoasidan iborat.

“Bizning maqsadimiz — geografik joylashuvi va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatidan qat’i nazar, barcha bolalar yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega boʻlgan kelajakdir”, — deya ta’kidladi tashkilotchilar.

Vasiylik kengashi:

Zafar Hoshimov —Anglesey Food asoschisi. Teach for Uzbekistan vasiylik kengashining raisi.

Nozima Davletova — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy taʼminlash boshqarmasi boshlig‘i

Aziza Umarova — O‘zbekiston Respublikasi Strategik islohotlar agentligi huzuridagi “Delivery Unit” loyiha ofisining rahbari.

Umida Yo‘ldosheva — Ta'sischi , Teach for Uzbekistan bosh direktori

Madina Boʻriyeva — Ta'sischi, taʼlim loyihalari koordinatori , Teach for Uzbekistan.

Loyiha stipendiatlari eng yaxshi milliy va xalqaro universitetlarning bitiruvchilari va turli soha mutaxassislardan iborat. Loyiha orqali intensiv pedagogik qayta tayyorlashdan o‘tish noyob imkoniyatiga ega bo‘lgan yosh, g‘ayratli mutaxasislar ikki yil davomida bolalar zamonaviy, iste’dodli va gʻayratli oʻqituvchilarga muhtoj boʻlgan viloyat maktablarida oʻqituvchi boʻlib ishlaydilar.

Asosiy maqsad — sifatli ta’lim va innovatsion metodikalar orqali butun mamlakat bo‘ylab bolalarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishda koʻmakdosh boʻlish, yosh yetakchilarni ta’lim sohasiga jalb qilish. “Teach for Uzbekistan” bitiruvchilari “Teach for All” xalqaro tarmog‘i bitiruvchilari hamjamiyatining bir qismiga aylanadilar va yangi istiqbollarini ochadilar.

Loyiha koʻzda tutgan vazifalar:

  1. Jalb qilingan iqtidorli stipendiatlar yuqori sifatli ta’lim berishi orqali maktab oʻquvchilarining akademik koʻrsatkichlarini yaxshilash.
  2. Innovatsion va qiziqarli oʻqitish usullari orqali oʻquvchilarning tanqidiy fikrlash va boshqa XXI asr koʻnikmalarini rivojlantirish.
  3. Oʻquvchilarga mustaqil oʻrganishni oʻrgatish va mustaqil oʻquvchi boʻlishga undash. Bunda, ular sinfxonadan tashqarida ham oʻqishni davom ettirish va rivojlanishga harakat qiladilar.
  4. Oʻqituvchilar bilan birgalikda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish orqali bolalarni jamiyatning faol a’zosi boʻlishga va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishga undash.
  5. Oʻqitishga turli sohalardagi yosh va iqtidorli mutaxassislarni, shu jumladan chet eldagi oʻzbekistonliklarni jalb etish orqali pedagogika kasbining ijtimoiy mavqeini oshirish.
  6. Ta’lim tizimi uchun kuchli kadrlar zaxirasini yaratish — dastur stipendiatlariga taqdim etilgan oʻquv dasturi va qoʻllab-quvvatlash orqali ular ta’lim sohasida boʻlajak yetakchilar, direktorlar, innovatsion ta’lim dasturlari mualliflari va ta’lim siyosatining qadrli kadrlari boʻlib yetishishlari uchun imkoniyat yaratish.

Ta’kidlanishicha, dastur doirasida birinchi yili 30 nafar puxta saralab olingan milliy va xalqaro universitetlarning bitiruvchilarini viloyatlardagi muayyan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarga muhtoj maktablarga ikki yillik stipendiya dasturi asosida jalb qilinadi.

“Har bir ishtirokchi taxminan 200 oʻquvchini qamrab oladi. Ikkinchi va uchinchi yillar uchun reja — 60 va 110 ta oʻqituvchi. Shu tarzda biz 4 yil davomida va undan keyin davomiy ravishda 400 000dan ortiq maktab oʻquvchilarining hayotiga ta’sir qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Loyiha ishtirokchilarga quyidagilarni taqdim etadi:

  • maktabda oʻqituvchi sifatida rasmiy ishlash imkoniyati;
  • dastur stipendiyasi;
  • eng yaxshi mahalliy va xalqaro ekspertlarning zamonaviy bilim va koʻnikmalari;
  • mentorlik, metodologik qoʻllab-quvvatlash;
  • maktabda oʻz ijtimoiy loyihalarini yaratish imkoniyati;
  • hamfikr yetakchilar jamoasi;
  • sertifikat.

Arizalar may oyi oxiriga qadar qabul qilinadi, ishtirok etish shartlari loyihaning rasmiy saytida koʻrsatib oʻtilgan.

Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ