Amerikaga boshqacha nigoh: AQShdagi migrantlar haqida 7 ta mashhur film (+bonus)

E’lon qilingan sana· 263
Amerikaga boshqacha nigoh: AQShdagi migrantlar haqida 7 ta mashhur film (+bonus)

“Amerika sehrli diyor” deya yozgandi oʻz vaqtida Oʻzbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov. AQSh yillar davomida haqiqatan ham sehrli diyorga aylandi. Butun dunyo boʻylab millionlab odamlar unga talpinadi, har xil qonuniy yoki noqonuniy yoʻllar orqali Qoʻshma shtatlarga yetib olish payida boʻladi.

Kinematografiya ham ushbu mavzuni chetlab oʻtmagan. Amerikadagi migrantlar hayoti haqida koʻplab filmlar va seriallar ishlangan. Afisha.uz ushbu toʻplamda AQShdagi migrantlar haqida suratga olingan mashhur kinokartinalarni bir yerga jamladi.

“Salam Nyu-York”

Ushbu film “Jannat onalar oyogʻi ostida” filmi rejissyori, qirgʻizistonlik Ruslan Akun tomonidan 2013-yilda romantik komediya janrida suratga olingan.

Film syujeti Amerikadagi amakisining oldiga yoʻl olgan qirgʻizistonlik yigit haqida hikoya qiladi. Amaki yigit oʻylaganchalik boy va omadli boʻlib chiqmaydi va qahramonimiz oʻz hayotini oʻzi qurishiga toʻgʻri keladi.

Tomosha qilish.

“Borat”

Oʻzining noodatiy qarashlari va kinematografiyadagi har xil eksperimentlari bilan mashhur boʻlgan Sasha Baron Koen tomonidan mokyumentari janrida yaratilgan film. “Borat"ning ikkinchi qismi ham chiqqan boʻlib, bir qator ziddiyatlarga ham sabab boʻlgan.

Qozog‘istonlik teleboshlovchi Borat “dunyodagi eng buyuk davlat” haqida reportaj tayyorlash uchun AQShga yoʻl oladi.

Tomosha qilish.

“Бизнес по казахский в Америке”

Film kichik mehmonxona egasining sarguzashtlari haqida hikoya qiladi. Ma’lumot uchun, “Бизнес по казахский” bir qator filmlar seriyasi boʻlib, unda bosh qahramonlar har xil davlatlarga sayohat qiladi.

2017-yilda premyera qilingan “Бизнес по казахский в Америке” kinokartinasida xorijlik homiylar bilan muvaffaqiyatli shartnoma tuzgan Jomart mehmonxonaga xalqaro maqom va besh yulduz berilishga umid qiladi. Biroq biznesmenning katta rejalari barbod boʻlish arafasida. U vaziyatni nazorat qilish uchun AQShga yoʻl oladi.

Tomosha qilish.

“In America”

Ushbu film 2002-yilda irlandiyalik rejissyor Jim Sheridan tomonidan suratga olingan. “In America” Nyu-Yorkdagi irlandiyalik muhojirlarning hayoti haqida hikoya qiluvchi yarim avtobiografik film hisoblanadi. Film Oskar mukofotining uchta yoʻnalishi boʻyicha nomzod boʻlgan.

Fojiali oʻtmishga ega boʻlgan irlandiyalik oila Amerikaning Manxetten shahrida oʻrnashib qolishga harakat qiladi.

Tomosha qilish.

“Terminal”

Film Sharqiy Yevropadan Nyu-Yorkka sayohat qilgan Viktor Navorski haqida hikoya qiladi. Viktor samolyotda uchayotganida vatanida davlat toʻntarishi sodir boʻladi.

Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportida hech narsaga arzimaydigan passport bilan qolgan qahramon Qoʻshma Shtatlarga kirish huquqini yoʻqotadi va oʻz mamlakatida urush tugaguniga qadar aeroportda kun kechirishga majbur boʻladi.

Tomosha qilish.

“Green Card”

“Green Card” — 1990-yilda Fransiya, Avstraliya va Qoʻshma Shtatlar hamkorligida ishlab chiqarilgan, rejissyor Piter Ueyr tomonidan suratga olingan melodrama hisoblanadi.

AQShdagi fransiyalik emigrant Jorj (bosh rolni Jerar Depardye ijro etgan) va amerikalik Bronte oʻzi uchun qadrli boʻlib qolgan kvartirani saqlab qolmoqchi boʻlib, uydirma nikoh tuzishga qaror qiladi.

Tomosha qilish.

“Spanglish”

Meksikalik Flor tashlab ketgan eri uchun yigʻlab, kichkina qizi bilan Amerika chegarasini kesib oʻtadi va toʻgʻridan-toʻgʻri Los-Anjelesga yoʻl oladi, u yerda lotin amerikasidan kelganlar aholining deyarli yarmini tashkil qiladi.

Kinokartina 2004-yilda premyera qilingan boʻlib, Adam Sendler bosh rollardan birini ijro etgani film sifatini kafolatlaydi.

Tomosha qilish.

Bonus: “Beef” seriali

“Beef” 2023-yilda premyera qilingan va mini-seriallar uchun beriladigan deyarli barcha mukofotlarni oʻziniki qilib olgan. Juda uzoq tarixga ega boʻlgan kambagʻallar va boylar oʻrtasidagi kurash guvohiga aylanishni xohlasangiz ushbu serial tavsiya qilinadi.

Amerikadagi xitoylik migrant oilalarning yashash tarzini namoyish etuvchi serialda bir-birini tanimaydigan odamlar mashinalar toʻxtash joyida janjallashib qoladi. Ularning biri boy, lekin baxtsizlikni his qilayotgan ayol. Ikkinchisi esa pulsizlikdan qiynalib oʻzini oʻldirish haqida o‘ylab yurgan erkak.

Tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ